Sana munosabati Prezidentimizning tegishli Farmoniga ko‘ra, mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimiz qatori buxorolik soha fidoyilari ham davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Jumladan, Olot tumanidagi “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi raisi Muborak Qalandarova “Mehnat shuhrati” ordeni, Romitan tumani ichki ishlar bo‘limining “Qumrabot” mahalla fuqarolar yig‘inidagi profilaktika katta inspektori Sanjar Ahmedov “Sodiq xizmatlari uchun” medali, Buxoro tumani “Shexoncha” mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi Zuhriddin Usmonov “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘ldi.
Viloyat hokimligida mukofotlarni o‘z egalariga topshirish marosimi o‘tkazildi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov taqdirlangan yurtdoshlarimiz va mahalla tizimi xodimlarini bayram bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan mahalla tizimi nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, so‘nggi to‘qqiz yillikda viloyatimizda 220 ta mahalla idorasi yangidan qurildi. 211 tasi rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi. Aholining bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yoshlar va nuroniylarga manzilli yordam ko‘rsatish, fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirish ishlari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan uyg‘un holda olib borilayotgani diqqatga sazovordir. Ayniqsa, barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, “mahalla yettiligi”dan iborat ta’sirchan tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samara bermoqda.
Davlatimiz rahbarining kecha “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Navro‘z bayrami munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tadbirdagi ma’ruzalarida ham mahallada tinchlik va totuvlikni mustahkamlash, ijtimoiy muammolarni joyida hal etish, ezgulik va adolatni qaror toptirishda otaxon va onaxonlar, “mahalla yettiligi” a’zolari hamda faol fuqarolarning ishtiroki ayniqsa muhim ekanligi alohida ta’kidlandi. Jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlash maqsadida o‘tgan yili mahalla faollari ko‘magida ajrashish yoqasiga kelib qolgan 1500 ga yaqin oila yarashtirilgani,
516 ta mahallaning 471 tasi yoki 91,3 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani, namunali mahallalar soni 431 taga yetgani albatta tahsinga loyiqdir.
Aynan mahalla faollarining jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ko‘rsatgan faolligi natijasida so‘nggi uch yilda viloyatimizda kambag‘allik darajasi 12 foizdan 3 foizga tushirildi.
-Albatta, bu o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Shu davrda 21,3 ming nafardan ziyod fuqarolarga 56 mlrd. so‘m subsidiya, qariyb 71 ming nafar oilaga esa dehqonchilik uchun 17,5 ming gektar yer ajratib berildi,-dedi Botir Zaripov.
Viloyat rahbari mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar, ilg‘or tashabbuslar va yutuqlarni qayd etib, mahalla tizimi xodimlarining jamiyat hayotidagi o‘rni ortib borayotganini ta’kidladi.
Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq davlat mukofotlari bilan taqdirlangan yurtdoshlar mehnati e’tirof etildi. Ularga orden va medallar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, bir guruh mahalla faollari va “yettilik” a’zolariga O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan ta’sis etilgan “Mahalla iftixori”, turli sohalarda ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan mehnat faxriylariga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari topshirildi.
Taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar mahalla tizimiga e’tibori i uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik izhor etdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati tomonidan
Jamiyat
Buxorolik fidoyi mahalla tizimi xodimlariga davlat mukofotlari va ko‘krak nishonlari topshirildi

Izohlar (0)
Hech narsa topilmadi